AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen va AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisining muovini Elis Uells 1-fevral kuni Toshkentdagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining “Amerikaga oyna” o‘quv zalida talabalar bilan suhbatlashmoqda. (O‘zbekistondagi AQSH elchixonasining matbuot xizmati)
TOSHKENT – O‘zbekistonlik talabalar Amerikada olingan ta’lim ularga o‘z vatanlarida mavqe-martabaga erishishga yordam beradi degan umid bilan AQSHdagi nufuzli oliygohlarga o‘qishga kirishga intiladilar.
“Amerikada o‘qish – orzium”, deydi Karvonsaroy bilan suhbatda toshkentlik 19 yashar Ravshan Jabborov.
“Xorijdagi nufuzli oliygohda ta’lim olib qaytishim bilan men O‘zbekistonda yuqori haq to‘lanadigan ishga da’vogar bo‘la olaman”, deydi u.
Milliy kutubxona direktori Alisher Abduazizov 25-yanvar kuni Toshkentda “Amerikaga oyna” o‘quv zalining ochilish marosimida. (O‘zbekistondagi AQSH elchixonasi matbuot xizmati)
“Mamlakatimizda xorijda tahsil olgan mutaxassislarga talab katta bo‘ladi”, dedi u.“Ular islohotlardan so‘ng bizning bozorga kirib kelayotgan chet el kompaniyalariga kerak”.
Raqobatlashuvchi talabalar uchun imkoniyatlar
Amerikaning xalqaro ta’lim instituti tomonidan e’lon qilingan Open Doors (“Ochiq eshiklar”) hisobotiga ko‘ra, joriy o‘quv yilida AQSHda 505 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.
Bu raqam yanada ko‘payishi mumkin, sababi AQSHda o‘qishi mumkin bo‘lgan o‘zbekistonlik talabalar soni cheklanmagan. Istalgan o‘zbek talabasi o‘z hisobidan yoki grant va stipendiyalar evaziga Amerikadagi kollej yoki universitetlardan birida o‘qishni tanlashi mumkin.
“E’tiborlisi, agar maqsad sari qat‘iy harakat qilsangiz, AQSHda o‘qish uchun grant olish O‘zbekistondagidan ham osonroq bo‘lishi mumkin”, deydi toshkentlik 21-yoshli Olesya Zaxarova Karvonsaroyga.
“O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari va aspiranturalarda davlat granti asosidagi o‘rinlar soni juda cheklangan va ular uchun raqobat o‘ta yuqori”, dedi u va “AQSHda o‘z omadimni sinab ko‘rmoqchiman” deb qo‘shimcha qildi.
AQSHda ta’lim olish imkoniyatlari haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishni istagan o‘zbek yoshlari Toshkentdagi AQSH elchixonasida joylashgan EducationUSA mashalat markaziga tashrif buyurishi mumkin.
Markaz “AQSHda ta‘lim olish sari besh qadam” kabi ma’ruzalar, bepul individual konsultatsiyalar, guruh yig‘inlari va AQSHda o‘qigan o‘zbek talabalari bilan suhbatlashish imkonini taqdim etadi.
“Amerikaga oyna”
25-yanvar kuni Toshkentdagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Amerikaga oyna” o‘quv zalining ochilishi bilan o‘zbekistonliklar zamonaviy Amerika madaniyati va adabiyoti bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
O‘quv zali O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Toshkentdagi AQSH elchixonasi o‘rtasida 2017-2022-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik memorandum doirasida tashkil etildi.
Elchixona ko‘magi bilan kutubxona “ingliz tilini o‘rganuvchular uchun texnik vositalar, dasturiy ta’minot, kitoblar, kompakt-disklar, shuningdek, imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun audiomateriallar, ingliz va rus tillarida Brayl yozuvidagi elektron darslik va jurnallar bilan ta’minlangan”, deyiladi kutubxona saytida.
“Bu ulkan muvaffaqiyat”, deydi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining “Jahon” axborot agentligiga bergan intervyusida. “Biz O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tashrifchilarga mamlakatimiz madaniyati bilan yaqindan tanishishga imkon beruvchi o‘quv zali ochilganidan mamnunmiz”.
O‘quv zalining ochilish marosimida so‘zga chiqqan kutubxona direktori Alisher Abduazizov ingliz tilini o‘rganayotgan va shu tildagi adabiyotlarni o‘qish istagida bo‘lgan foydalanuvchilar soni oshib borayotganini ta’kidladi.
“Men Milliy kutubxonada bu kabi axborot markazi ochilganidan xursandman”, deydi kutubxona tashrifchilaridan biri, 25 yashar Mohir Obidov.
“Kutubxona Toshkentning markazida, qulay joyda joylashgan va unga kirish bepul”, dedi u Karvonsaroyga.
1-fevral kuni “Amerikaga oyna” o‘quv zaliga AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisining muovini Elis Uells tashrif buyurdi. U o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirdi va ingliz tilini o‘rganayotgan bir guruh talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kutubxona matbuot xizmatining xabar berishicha, u guruh ishtirokchilarining ingliz tili bo‘yicha bilimiga yuqori baho bergan.
Bu yil Toshkentda Amerika kampusi ochiladi
Tez orada o‘zbek talabalari Toshkentdan chiqmasdan Amerika ta’limini olish imkoniga ega bo‘lishlari mumkin.
O‘tgan yil sentyabr oyida Sent-Luisda joylashgan Vebster universiteti O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligi bilan Toshkentda kampus ochish to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzolagandi.
4-dekabr kuni yangi 2018-o‘quv yilida ochiladigan kampusning kelajakdagi faoliyatini muhokama qilish uchun Toshkentga Vebster universitetining o‘quv masalalari, xalqaro kampuslar va tashabbuslar bo‘yicha vitse-prezidenti Piter Maxer rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Vebster universitetining Toshkentdagi kampusi axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, OAV, biznes, tabiiy fanlar va ta’lim yo‘nalishlarida bakalavr va magistrlarni tayyorlash dasturini taqdim etadi. Ta’lim ingliz tilida, amerikalik va o‘zbekistonlik o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi, deb xabar beradi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.
Zorku
ReplyDelete